YOSH JURNALISTNING IMKONIYATLARI VA ULARNING OLDIDAGI QIYINCHILIKLAR
Keywords:
Xulosa qilib aytganda, yosh jurnalistlar oldida imkoniyatlar ham, sinovlar ham yetarli. Kimki sabr qilsaAbstract
Bugun soniyalar sari rivojlanyotgan davrda yashayotgan ekanmiz, har birimiz uchun juda ko'p imkoniyatlar mavjud. Har kim o'zi xohlagan sohasida faoliyatini olib bora oladi, xoh u yosh bo'lsin, xoh yosh katta inson. Bundan tashqari, hozirgi davrda jurnalistika kasbiga juda ham koʻp yoshlarimizda qiziqish paydo bo'lmoqda , hattoki, koʻpchilik yoshlarimiz faoliyatini olib borishni ham boshlashgan. Albatta ,bugungi kun yosh jurnalisti bo'lish juda qiziqarli, lekin bir vaqtning o'zida mas'uliyatli yo'ldir. Sababi , ham oʻqish, ham ishlash o'ziga yarasha mas'uliyatni talab qiladi. Yana bir muhim jihat shundaki, bugungi yosh jurnalist nafaqat axborot yetkazuvchi, balki jamiyat fikrini shakllantiruvchi kuchga ham ega. Uning yozgan har bir maqolasi yoki tayyorlagan materiali odamlarning dunyoqarashiga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli jurnalist doimo mas’uliyatni chuqur his qilishi, har bir so‘zini o‘ylab ishlatishi zarur. Bundan tashqari, zamonaviy jurnalist bo'lish uchun faqat yozish yoki gapira olishning o‘zi yetarli emas. U texnologiyalarni yaxshi bilishi, media savodxon bo‘lishi, turli platformalarda ishlay olishi kerak. Chunki bugungi axborot makoni tezkorlikni, aniqlikni va moslashuvchanlikni talab qiladi. Oldingi davrlar bilan solishtirganda hozir yoshlar uchun imkoniyatlar ancha ko'p. Yosh jurnalistlar bugungi kunda axborot maydoniga kirishda tarixan eng katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan avlod hisoblanadi. Masalan, internet ,ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy texnologiyalar orqali istalgan odam o'z fikrlarini bemalol bildirib, katta auditoriya hosil qilishi mumkin. Reuters Institute for the Study of Journalism hisobotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yoshlarning katta qismi yangiliklarni aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali iste’mol qiladi, ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich 50% dan oshadi. Bu esa yosh jurnalistlarga auditoriyani tez topish va mustaqil media loyihalarini boshlash imkonini beradi.Lekin yig'ilgan auditoriyani saqlab qolishning ham qiyinchiliklari mavjud. Auditoriya soni ko'paygani sari mashhur bo'lish uchun oʻzining fikrlarini bildira oladigan yosh jurnalist bo'lish uchun katta yo'llar ochiladi. Masalan ,hozir oddiy telefon orqali ham yangilik tayyorlash, video olish yoki intervyu qilish mumkin. Avvallari buning uchun kamera, mikrofon va jurnalistlardan iborat bo'lgan jamoa kerak edi . Hozirgi kunda esa yoshlar mustaqil ravishda o'z shaxsiy bloglarini yuritib, jamiyatda bo'layotgan muammolarni ko'rsatishi mumkin. Lekin hammasi ham shunchaki ko'ringanidek
oson emas. Hamma kasbda bo'lgani kabi yosh jurnalistlar oldida ham bir qator qiyinchiliklar bor. Eng katta muammolardan biri — bu tajriba yetishmasligi. Har qanday kasbda bo‘lgani kabi jurnalistikada ham vaqt o‘tishi bilan inson chiniqadi. Boshlanishida esa xatolar bo‘lishi tabiiy. Muhimi — shu xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish.
Yana bir muhim masala — bu ishonchlilik. Hozir internetda har xil fake yoki tekshirilmagan ma’lumotlar juda ko‘p. Yosh jurnalist esa har bir xabarni tekshirib, faqat haqiqatni yetkaza olishi kerak. Aks holda, odamlarning ishonchini yo‘qotish juda oson.
Bundan tashqari, ba’zan yoshlar o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik bilan ham kurashadi. “Mening yozganim kimga kerak?”, “Men hali tajribasizman”, - degan o‘ylar ularni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Lekin aslida har bir kuchli jurnalist bir vaqtlar aynan shunday o'ylarni boshidan o'tkazgan.
Menimcha, yosh jurnalistlar hech qachon to‘xtab qolmasligi kerak. Ular ko‘proq o‘qishi, izlanishi, harakat qilishi lozim. Eng muhimi — rostgo‘y bo‘lish va o‘z kasbini sevish. Chunki jurnalistika — bu shunchaki kasb emas, bu jamiyat oldidagi katta mas’uliyat.
Xulosa qilib aytganda, yosh jurnalistlar oldida imkoniyatlar ham, sinovlar ham yetarli. Kimki sabr qilsa, o‘z ustida ishlasa va haqiqat yo‘lidan og‘ishmasa — albatta o‘z o‘rnini topadi. Balki bugungi yosh jurnalistlar ertangi kunning eng kuchli ovoziga aylanishar. Buning uchun ular, avvalo, o'zlariga ishonishi va yo'lda to'xtab qolmasdan davom etishlari lozim.